Kontent qismiga oʻtish

Agra

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Agra — Hindistonning shimolidagi shahar, Uttar-Pradesh shtatida, Jamna (Yamuna) daryosining oʻng sohilida. Aholisi 899 ming kishi (1991). Yirik temir yoʻl tuguni. Agra — Bombay avtomagistralining oxirgi manzili. Agra XVIII — XIX asrlarda Boburiylar qarorgohi (poytaxti) boʻlgan, ayniqsa Akbar va Shoh Jahon davrida ravnaq topgan (XVI — XVII asrlar). Agrada XVI — XVIIasrlarga doir musulmon meʼmorchiligining ajoyib yodgorliklari saqlanib qolgan. „Agra-Fort“ (16-asr) qasri va uning ichida „Marvarid mayejid“ (17-asr), bir qancha saroylar bor. Agra yaqinida Shoh Jahon va uning xotini (Mumtoz Mahal) maqbarasi — Tojmahal joylashgan (17-asr oʻrtalarida qurilgan). Tojmahal Sharq meʼmorchiligining ajoyib namunasidir. Jome masjid (1628), Eʼtimod ud-Davla maqbarasi (1628) kabilar jahon meʼmorchiligi durdonalaridan hisoblanadi. Bularni qurishda hind ustalari bilan birga Buxoro va Samarqand ustalari ham qatnashgan. XIX-XX asrlarda Agra qayta tiklandi. Shahar tashqarisidagi bogʻda alohida ansamblni tashkil etgan universitet binosi (1927) Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida qurilgan. Agra binolari marmarga ishlangan oʻyma va qadama naqshlari, fil suyagidan ishlangan buyumlari bilan mashhur. Agra sanoati asosan koʻn poyabzal, oziq-ovqat, qogʻoz, oynashisha korxonalari, Hindistonning shimolidagi eng yirik „Jons-Mils“ yigiruv kombinati, elektr-texnika va boshqa korxonalardan iborat. Qoʻlda gazlama toʻqish va badiiy buyumlar yasash hunarmandchiligi taraqqiy etgan. Agrada universitet (1927) va Mahatma Gandi asarlarining maxsus kutubxonasi bor.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil




  翻译: